Prezident “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Farmonga muvofiq, turistik faoliyat va xizmatlar uchun soliq imtiyozlari berildi.

Xususan, 2023 yil 1 yanvarga qadar yuridik shaxslar quyidagilardan ozod etildi:

  • yetib borish qiyin bo‘lgan va chekka joylarda kemping va “safari” turizmi xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslar foyda, yer va mol-mulk solig‘i hamda yagona soliq to‘lovi to’lashdan;
  • jahon standartlariga mos golf majmualarini barpo etish loyihasi doirasida foyda, yer va mol-mulk solig‘idan, jalb qilingan xorijiy mutaxassisga haq to‘lashda yagona ijtimoiy to‘lovdan, loyiha uchun tovarlarni olib kirishda bojxona boji va aksiz solig‘idan;
  • namunaviy loyihalar bo‘yicha sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish va ularning faoliyatini tashkil etishni amalga oshiruvchilar foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘i, shuningdek, yagona soliq to‘lovini to‘lashdan.

Shuningdek, O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan dor (osma) yo‘llarini, “banji-jamping” va “ziplayn” attraksionlarini, boshqariladigan (dirijabl, havo shari) va boshqarilmaydigan (erkin uchish) aerostatlar, gondolalar, “rafting” va “flaybording” uchun uskunalar, shuningdek, “buggy car”, faetonlar, joylashtirish vositasi sifatida tunab qolish uchun jihozlangan (g‘ildirak ustidagi uylar) yoki kafe-furgonlarga aylantirilgan (“fudtrak”) yer usti transport vositalari bojxona boji va aksiz solig‘idan ozod etildi.