Prezident “Qorako‘lchilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qaror bilan 2019−2023 yillarda qorako‘lchilik xo‘jaliklariga yetishtirib eksportga sotilgan har bir dona qorako‘l terisi uchun Davlat byudjetidan 50 ming so‘mdan va har bir dona qorako‘lcha terisi uchun 75 ming so‘mdan subsidiyalar ajratiladi.

Shuningdek, “Qorako‘lchilik” uyushmasi huzurida Qorako‘lchilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlarga ishlatiladi:

  • naslchilik-seleksiya ishlarini ilmiy asosda tashkil etish va uni takomillashtirish;
  • qorako‘lchilik sohasida eksportbop qorako‘l va qorako‘lcha teri yetishtirish;
  • qorako‘lchilik mahsulotlarini chuqur qayta ishlovchi korxonalarni tashkil etish;
  • sohada resurs tejamkor uskunalar sotib olish va ozuqa sexlari (granulyator)ni tashkil etish hamda qorako‘lchilik subyektlari tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini sotib olishni moliyalashtirish;
  • sohaga yangi zamonaviy texnologiyalar, innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni olib kelish hamda joriy etish;
  • mutaxassislarning xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi, sohadagi kadrlar malakasini oshirish, shu jumladan, yosh mutaxassislarning xorijda o‘qishi, stajirovka o‘tashi, xorijiy mutaxassis va maslahatchilarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
  • Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ishchi xodimlarni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirish;
  • Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasiga yuklatilgan boshqa vazifalar ijrosini ta’minlash.

Qorako‘lchilik subyektlariga 3 yil muddatga yillik 5%lik, shu jumladan, 1,5%i bank marjasi, kredit sifatida ajratiladi.