Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish imkoniyati cheklangan aholining ijtimoiy himoyaga muxtoj qatlamlarini talab mavjud bo‘lgan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish, ularni ijtimoiy va nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalarini joriy etish to‘g‘risidagi hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Unga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga imkoniyati cheklangan aholiga quyidagi xizmatlar taqdim etiladi:

  • talab bo‘lgan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish;
  • tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish ko‘nikmalarini o‘rgatish;
  • tadbirkorlarni qonunchilik, yangi texnologiyalar va mahsulotlar, bozorlar va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlashni (bepul telefon va onlayn-maslaxat xizmatlari, o‘quv markazlari, biznes — inkubatorlar, axborot xizmatlari va boshqalar) tashkil etish.

2020 yilning 1 yanvaridan boshlab quyidagi nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlash turlariga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasidan subsidiya mablag‘lari ajratilishi belgilab qo‘yildi:

  • talab bo‘lgan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘nalishida har bir fuqaro uchun bir oyga o‘qitish xarajatlariga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida;
  • tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish ko‘nikmalarini o‘rgatish yo‘nalishida bir fuqaro uchun bir oyga o‘qitish jarayonida yotoq va oziq ovqat bilan ta’minlash xarajatlariga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida;
  • tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqa xarajatlariga har bir fuqaro uchun bir martalik bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 12 sentyabrga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, oʻz fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.