O‘zbekiston veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Xitoyning bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida “O‘zbekistondan Xitoyga asal eksport qilishda oziq-ovqat xavfsizligi va veterenariya talablari to‘g‘risida bayonnoma” imzolandi.

Endi ushbu bayonnoma asosida eksport korxonalari asal mahsulotini Xitoyning bir qator talablarni bajargan holda eksportini amalga oshirishlari mumkin. Bu haqda Spot’ga O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi ma’lum qildi.

Asosiy talablardan biri bu olti oy davomida asalarilarning 5 km radiusda joylashgan asalari oilalari orasida Amerika chirish va Yevropa chirish kasalliklari rasman ro‘yhatga olinmagan bo‘lishi kerak.

Tashqi moddalar bilan ifloslanishining oldini olish uchun, qadoqlash, saqlash va tashish paytida Xitoyga eksport qilinadigan asal Xitoy va O‘zbekistonning tegishli sanitariya talablariga javob berishi kerak.

Asalni Xitoyga eksport qilishga mo‘ljallangan ishlab chiqarish korxonalari, Xitoy tomonida ro‘yhatdan o‘tkaziladi. Ro‘yhatdan o‘tmagan ishlab chiqarish korxonalari mahsulotini Xitoyga olib kirishi ta’qiqlanadi.

Shu bilan birga, hozirgi kunda Xitoyga qo‘shimcha ravishda muayyan go‘sht mahsulotlarini va tovuq oyoqchalarini eksport qilinishiga ruxsat olish bo‘yicha ish olib borilmoqda.