O‘zbekistonning tashqi qarzi 6 oyda qariyb 13,1 mlrd dollarga o‘sdi. Bu haqda Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Jasur Qarshiboyev ma’lum qildi.

Uning so’zlariga ko’ra, qarzlarning ayrimlari uzoq va o‘rta muddatlarga olingan, qolaversa, imtiyozli davrda foiz stavkasi to‘lanib, qarz summasi to‘lanmaydi.

Mamlakatning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning 23,5%iga teng bo‘ldi.

Moliya vazirligi, Markaziy bank mutasaddilari tomonidan qayd etilishicha, 30 iyun holatiga ko‘ra, davlat ichki qarzi 5,4 mlrd dollar ekvivalentini tashkil etgan. Shundan 97% qarz hukumat tomonidan kafolatlangan. Qolgan 3 foiz qarz esa hukumat tomonidan jalb etilgan.

“Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari tijorat banklari orqali katta davlat tashkilotlariga yo‘naltirilgan. Shu vaziyatda davlat qarz “risk"lariga kafolat bergan. Garchi hukumat puli davlat tashkilotiga ketsa-da, biz buni qarz, deb tan oldik. Har qanday “risk"da mablag‘larni davlat to‘lab berishi kerak”, — dedi Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov.

Joriy yilda ichki kapital bozorda sotuvga chiqarilgan obligatsiyalar orqali 1−3 yil muddatga 850 mlrd so‘mlik qarz olingan.