1 oktyabrdan Toshkent shahridagi onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan tadbirkorlar tomonidan taqdim qilingan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilar asosida yutuqli oʻyinlar tashkil qilinadi. Bu haqda prezident farmonida keltirilgan.

Moliya vazirligi 1 noyabrga qadar yutuqli oʻyinlar tashkil etish uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bir mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratadi.

Onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan tadbirkorlar tomonidan:

  • taqdim qilingan xarid chekida tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, QQS toʻlovchisi boʻlganda QQS stavkasi va summasi, shuningdek, QR-kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi. Ushbu maʼlumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi;
  • maʼlumotlarni operatorga real vaqt rejimida yetkazib berishning texnik imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda cheklar offlayn rejimida berilishi mumkin. Bunda maʼlumotlar operatorga 24 soat mobaynida uzatilishi shart;
  • toʻlov terminali orqali qabul qilingan toʻlovlar uchun xaridorlarga toʻlov terminali cheki bilan birga onlayn-NKM yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart.

2019 yil 1 oktyabrga qadar quyidagilar joriy qilinadi:

  • tadbirkorlar tomonidan sotilgan mahsulotlar (ishlar va xizmatlar) boʻyicha maʼlumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatishni taʼminlovchi virtual kassa hamda fiskal modul uchun maxsus dasturiy taʼminot;
  • xaridorlar tomonidan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilarni mobil ilova yoki Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy sayti orqali roʻyxatga olish tizimi.

Tadbirkorlar onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich oʻtkaziladi.