Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, xabar beradi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, yakka tartibda va qishloq joylarda namunaviy qurilgan arzon uy-joylar uchun ipoteka kreditlari 2 yillik (2020 yil 1 yanvardan 1 yillik) imtiyozli davr bilan 20 yil (hozirgacha 6 oylik imtiyozli davr bilan 15 yilgacha) muddatga beriladi.

Shuningdek, o‘lchami 0,02 ga bo‘lgan yerda joylashgan bir qavatli 3 xonali arzon uylar va 4 qavatli arzon ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) uylar arzon uy-joy hisoblanadi.

Ipoteka krediti miqdori arzon uy-joy qiymatining 90%idan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

Bundan tashqari, ipoteka krediti 18 yoshga to‘lgan va 60 yoshdan oshmagan O‘zbekiston fuqarolariga beriladi (hozirga qadar bunday kredit olish uchun yuqori yosh chegarasi belgilanmagan).

O‘zbekistondagi banklar ipoteka kreditini o‘rtacha 25% yillik stavka asosida taklif etmoqda. Eng kam foiz stavkasi 18%, eng ko‘pi — 32%ni tashkil qiladi. Aksariyat hollarda dastlabki badal 25%dan, muddati esa 10 yildan ko’p bo‘lmasligi lozim.

Ilgari Spot O‘zbekistonda ipoteka qanday rasmiylashtirilishi, kreditlashtirish shartlari, afzallik va kamchiliklar, hamda imtiyozli ipotekani qanday olish mumkinligi haqida yozgan edi.