Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo energetika investitsion forumi doirasida bir qator bitimlar imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, Energetika vazirligi va “ACWA Power” kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) o‘rtasida davlat xususiy sherikchilik shartlari asosida quvvati 1250 MVt ga teng issiqlik elektr stansiyalari va quvvati 1000 MVt ga teng shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha asosiy shartlar to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiya yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. U 10 yillik muddatga “ol yoki to‘la” tamoyili asosida barpo etilayotgan) “Surxan — Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi (EUL) bo‘yicha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) (Afg‘oniston Islom Respublikasi) o‘rtasida tuzilgan.

Elektr energiyani yetkazib berish hajmi dastlabki bosqichda 4,2 mlrd kVt.s ni tashkil etadi va kelgusida 6 mlrd kVt.s. ga yetkaziladi.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ bilan “Air Products” kompaniyasi (AQSh) o‘rtasida Sho‘rtan GKK (GTL zavodi) tozalangan metan asosida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha o‘zaro hamkorlikka doir “Yo‘l xaritasi” imzolandi.

Bunda Amerika kompaniyasining loyihaga kirishi ko‘zda tutiladi. Shuningdek, “O‘zkimyosanoat” AJ bilan ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha “Yangiyer shahrida kimyoviy kompleksni qurish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikka oid “Yo‘l xaritasi” imzolandi.