“Xalq banki” tomonidan fuqarolarga pensiya, ijtimoiy nafaqalar va boshqa to‘lovlarni to‘g‘ri to‘lanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida bir qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi, xabar beradi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Bankning filiallarida 159 nafar pensionerlarning 55 mln so‘mlik pensiya va nafaqa pullari bank xodimlari tomonidan o‘zlashtirilgan bo‘lsa, to‘lov vedomostlarida imzolari bo‘lmagan 446 nafar pensionerlarning 144,4 mln so‘mlik pensiyalari asossiz xarajatga chiqarilgan.

Bankning Boysun tuman filiali g‘aznachisi tomonidan 71 nafar fuqarolarning 2019 yil may oyi pensiyalari egalariga tarqatilmasdan 38 mln so‘m mablag‘larni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilgan.

Shu bilan birga, 120 nafar vafot etgan va ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarga 60 mln so‘m to‘lovlar amalga oshirilgan.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Samarqand viloyati boshqarmasi tassarrufidagi tuman (shahar) bo‘limlarida pensiya va nafaqalarni tayinlanishi hamda to‘lanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 165 holatda jami 168,6 mln so‘mlik Jamg‘arma mablag‘lari noqonuniy sarflanganligi aniqlandi.

Jamg‘armaning tuman (shahar) bo‘limlari masʼul xodimlari tomonidan fuqarolarning ish haqi to‘g‘risidagi maʼlumotlarini “Pensiya” dasturiga noto‘g‘ri kiritilishi oqibatida 35 holatda 41,8 mln so‘m miqdoridagi Jamg‘arma mablag‘lari asossiz ortiqcha sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.