Toshkentdagi yangi qurilayotgan uylar sharhi
Narxlar, sharoitlar, fikrlar
(2019 yil sentyabr holatiga ko'ra)
Toshkentdagi yangi uyning bir kvadrat metri 2019 yil sentyabr holatiga o'rtacha 7,5 mln so'm turadi. May oyi bilan taqqoslaganda 20 %ga o'sdi.

Aslida, poytaxtdagi arzon uy-joylarning narxi bir kvadrat metr uchun 4 mln so'mdan boshlanadi, "elita" darajasidagi binoda joylashgan xonadonlarning har kvadrat metri 20 mln so'mga yetishi mumkin.
Yevgeniy Sorochin / Spot
Toshkent yangi qiyofa kasb etmoqda
Poytaxt yil sayin yagona katta qurilish maydoniga aylanib bormoqda. Uning ayni yuragida bo'lg'usi xalqaro amaliy markaz – Tashkent city'ning ilk inshootlari ko'zga tashlana boshladi. Masalan, bu yerda Hilton brendining 20 qavatdan iborat besh yulduzli mehmonxonasi qurilishi nihoyasiga yetmoqda.

Siti hududida mehmonxonalar, biznes-markazlar, savdo-ko'ngilochar majmualar, parkdan tashqari uy-joylar - birinchi osmono'par bino, balandligi 266,5 metrli Nest One, Gardens Residence, Central Plaza va Boulevard majmualari qad ko'taradi.

Qurilishlar Tashkent city'dan tashqarida ham jadal olib borilyapti. Poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma'lumotlariga ko'ra, faqat shu yilning o'zida Toshkentda qariyb 400 ta ko'p qavatli uy-joylar quriladi. Ularning katta qismi yosh oilalar va aholining zaif qatlamlarini uy-joy bilan ta'minlash bo'yicha davlat dasturi doirasida barpo etiladi.

Dastur ijrosi boshlangan 2017 yildan beri Toshkentda qurilish hajmi 55%ga o'sdi. Biroq, xususiy sektordagi o'sish faqat 20%ni tashkil etdi (2017 yilda 75 ta uy qurilgan bo'lsa, 2019 yilda bu ko'rsatkich 91 taga yetdi).
Yevgeniy Sorochin / Spot
Demokratik narxlardagi arzon uylar kabi zamonaviy qimmat uy-joylar ham barpo etilyapti. Narhlarning keskin ko'tarilishi sababi ham shunda: 2019 yilning sentyabr holatiga ko'ra bir kvadrat metrning narhi 4 mln so'mdan 13 mln so'mgacha qiymatni tashkil qiladi.

Asosan 6-9 qavatli uylar qurilyapti. Eng baland uy-joy binosi 51 qavatli Nest One bo'ladi, undan keyingi o'rinni 20 qavatli Central Plaza egallaydi. Sitidan tashqarida eng yuqori balandlik 12 qavatni tashkil qiladi (Burjar uy-joy majmuasi).

Developerlar tobora ko'proq yosh oilalar orasida talab kuchli bo'lgan 30 kvadrat metr umumiy maydonli bir xonali xonadonlar yoki studiyalarni taklif etishmoqda. Ular xususiy uyga ega bo'lish uchun qulayliklardan voz kechishga tayyorlar.

Ko'proq talab kuchli bo'lgan 2-4 xonali xonadonlar barpo etilyapti. 5 va undan ko'proq xonali xonadonlar maydoni 440 kvadrat metrga yetishi mumkin. Bunday takliflar bozorda ancha kam.
Yevgeniy Sorochin / Spot

«
Ayrim mutaxassislar ko'chmas mulk bozorida sovun ko'piklari paydo bo'lishini bashorat etadilar. Ya'ni developerlar ko'p yangi inshootlar quradilar, natijada takliflar keragidan ko'payib, buning oqibatida ko'piklar yoriladi – narxlar tushib ketadi.

O'ylaymanki, bunday bo'lmaydi. Toshkentda uy-joylarga talab O'zbekiston hududlari aholisi hisobiga o'sib boraveradi. O'tgan yil oxirlarida ko'chmas mulk qiymati bo'yicha poytaxt propiskasiga o'tish uchun cheklov bekor qilindi. Endi yangi qurilgan uydan xonadon sotib olgan har qanday fuqaro poytaxtda doimiy ro'yxatdan o'tishi mumkin. Agar bu qonun bo'lmaganda ko'p yangi qurilgan uylar huvillab yotgan bo'lardi, deb o'ylayman.

Poytaxtga nafaqat yangi imkoniyatlar, balki qulayliklar uchun ham kelishadi. Sir emaski, respublikaning olis chekka hududlarida gaz, elektr ta'minoti borasida muammolar bo'lib turadi, u yerlarda infratuzilma rivojlanmagan. Buning ustiga qaysi ota-ona bolasiga yaxshi bilim berishni istamaydi, ma'lumki, bunga aksariyat hollarda poytaxtda erishish mumkin bo'ladi. Shuning uchun ko'pchilik Toshkentga ko'chib kelishga harakat qiladi.


Elchin Shirinov
New Realtor agentligi rieltori

»
Toshkentda yangi uylar qurilayotgan joylar
Yangi qurilayotgan uylarning katta qismi Mirzo Ulug'bek va Yakkasaroy tumanlariga to'g'ri keladi.
Toshkentda yangi uydagi bir kvadrat metr o'rtacha 7,5 mln so'm turadi. Shahar chekkalarida kvadrat metrini 4-6 mln so'mga sotib olish mumkin, umuman shahar markaziga yaqinlashgan sari uylar qimmatlashib boradi.

Biroq yetakchi developerlik kompaniyalari tobora ko'proq qimmat uylarni sershovqin va gavjum markazdan olisroqqa qurish amaliyotini qo'llaydilar. Bunda poytaxtning asosiy ko'chalarini juda jozibador qiluvchi barcha zarur infratuzilma ichkarida bo'ladi. Masalan, Murad Buildings'ning Cambridge Residence loyihasida shunday yo'l tutildi. Uy-joy majmuasi Olmazor tumanida joylashgan. Uning hududida xususiy bolalar bog'chasi, maktab, savdo majmuasi va xatto sayilgoh ham bor.

Shu bilan birga aksariyat quruvchilar uy qurilishi uchun tayyor rivojlangan infratuzilmali gavjum joylarni tanlaydilar. Bu masalada Yakkasaroy va Mirzo Ulug'bek tumanlari ancha ommalashgan. Ularning har birida 12 tadan yangi uylar qurilmoqda yoki foydalanishga topshirildi. Ular izidan Yashnabod va Shayxontohur tumanlari bormoqda (ularda 10 tadan uy-joy majmualari qurilmoqda).

Biz olgan ma'lumotlarga ko'ra, faqat Bektemir tumanida yangi uylar qurilmayapti. Poytaxt chekkalarida ancha kam uy qurilmoqda: Uchtepa va Sergeli tumanlarida faqat ikkita uy-joy majmuasidan takliflar olishingiz mumkin.
Yevgeniy Sorochin / Spot
Uy-joy narxiga ko'p omillar ta'sir ko'rsatadi. Birinchi navbatda uy joylashgan hudud. Bunda bir tuman hududida birmuncha qimmat va arzon zonalar bo'ladi.

Masalan, Mirzo Ulug'bek tumanida TTZ bozori atroflaridagi uylar arzonroq (bir kvadrat metri 5 mln so'm), Darxonda esa qimmatroq (8 mln so'm) turadi. Biz bu yerda ikkinchi omil – infratuzilmaga to'qnash kelamiz. Metro va boshqa transport vositalari, bolalar bog'chasi, maktab va bozorning yaqinligi uyning narxiga 20-30% qo'shimcha qo'shilishiga sabab bo'ladi.

Bundan tashqari uy qancha yuqori qavatda joylashgan bo'lsa, uning narxi shuncha arzon bo'ladi. Har bir yuqori qavatda uyning narxi 200 ming so'mga pasayadi.

Narxga xonadon tavsifi ham ta'sir ko'rsatishi tabiiy: maydon, ta'mirlangan yoki ta'mirlanmagani, uy qurilgan materiallar.

Shu o'rinda yangi qurilgan uyning sifati haqida ikki og'iz so'z. Aholi ularga ishonchsizligi sababli xali xanuz ikkilamchi bozorni, ya'ni ilgari qurilgan va foydalanilgan uyni sotib olishni afzal ko'rmoqda, deb hisoblaydi Elchin Shirinov:

«
Uylar tez qurilayotgani odamlarda shubha uyg'otadi. Buning ustiga Toshkentda 2016 yili yangi qurilayotgan uy qulab tushgan. Bu xodisa qurilish sohasida o'zining birinchi loyihasini amalga oshirayotgan quruvchilar bilan yuz bergan. Shuning uchun uy tanlayotganda kompaniya nufuziga ham e'tibor qaratish lozim.

Hozir developerlar uyning xavfsizligi va mustahkamligi to'g'risidagi ma'lumotlarga alohida e'tibor beradigan bo'lib qolishdi. Ular bino qanday materiallardan qurilayotgani haqida so'zlab berishadi, xatto sizni qurilish maydoniga ham taklif qilishlari mumkin. Biroq professionallar bo'lmaganlarga uyning sifatini yakka holda aniqlash qiyin.
Elchin Shirinov
New Realtor agentligi rieltori

»
Yevgeniy Sorochin / Spot
Bozorda arzon uylarga taklif ko'p bo'ladi, chunki ularga talab ham yuqori. Uy quruvchilarning qariyb yarmi bir yildan uch yilgacha bo'lgan muddatda bo'lib-bo'lib to'lash, shuningdek, hamkor banklardagi ipotekani taklif qiladilar.

Xaridni foydali qilishga xonadon narxini 100 % to'lash ham yordam beradi. Developerlar bunday holatda 25% chegirma taqdim etishga ham tayyorlar.

Uyni sotish bo'lajak uyning poydevorini qazish bosqichidan boshlanadi, bu davrda narxlar eng foydali bo'ladi. Narxlar binoni foydalanishga topshirish sanasi yaqinlashgan sari o'sib boradi.
Yevgeniy Sorochin / Spot
Agar aniq yangi qurilayotgan uylarning narxini taqqoslaydigan bo'lsak, "Oazis" uy-joy majmuasidagi o'tgan yil may oyidan keyin uylar narxi 10%ga o'sdi, Mirobod Palac'da yuqori qavatlar biroz pasaydi, pastkilari 35%ga oshdi, White Palac'da aksincha – pastki qavatlar o'zgarishsiz qolib yuqori qavatlar 25% oshdi.

Hatto Tashkent city hududida qurilayotgan Central Plazada ham narxlar tushib ketdi. U yerda bir kvadrat metr 2-3 mln so'mga arzonlashdi.

Markaz 15, Yangi Darhon, "Triumf" uy-joy majmualarida hatto inflyatsiyaga ham qaramay narxlar o'tgan yilgi darajada qoldi.

Poytaxt Gavhari uy-joy majmuasida narxlar oshdi. Agar o'tgan yili narxlar 7,5-8,5 mln so'm atrofida aylangan bo'lsa, bu yil esa 9-13 mln so'mga chiqib ketdi.

"Do'stlar" uyida bir kvadrat metr 6 mln so'm edi, hozir - 20 mln. Buning ustiga kompaniya vakillari uyning foydalanishga topshirilishi bilan narxlar kamida 20%ga oshishi haqida ogohlantirishdi.
Yevgeniy Sorochin / Spot
Poytaxtdagi eng qimmat tuman - Shayxontohur, (uning hududida Tashkent city qurilayotgani uchun) bu tumanda bir kvadrat metrning narxi 10 mln so'mdan kam emas.

Eng arzon tuman - Sergeli. Bu yerda uy-joy o'rtacha bir kvadrat metr uchun 4.5 mln so'm turadi.

Toshkentdagi eng arzon uy 135 mln so'm ($14 300), eng qimmati - 7 mlrd so'm ($743 000).

Toshkentda yangi qurilayotgan uylardagi xonadonlarning narxlari
Xaritada Toshkentdagi 70 ta uy-joy majmualarida bir kvadrat metrning o'rtacha narxi ko'rsatilgan.
(Xarita interfaol. Siz alohida bir tumanni sinchiklab ko'rib chiqish uchun uni kattalashtirishingiz mumkin)