Facebook CTRL-Labs startapini 1 mlrd $ga sotib oldi. Bu haqda Bloomberg ma’lumotiga tayangan holda “Inc.” xabar berdi.

Startap odamlarga miya impulslari yordamida kompyuterlarni boshqarish imkonini beradigan dasturlarni ishlab chiqmoqda.

Facebook vitse-prezidenti Endryu Bosvortning so’zlariga ko‘ra, miya signallarini o’qish bilaguzuk yordamida amalga oshiriladi.

Texnologiya miya signallarini dekodlab, raqamli ko‘rinishga o’tkazish imkonini beradi. Shunday qilib, bunday bilaguzuklar egalari kompyuterda matnni klaviaturadan foydalanmasdan terishlari mumkin. Buning uchun barmoqlarni stol ustiga shunchaki tekkizish kifoya qiladi.

Bundan tashqari, shunga o‘xshash texnologiya keyinchalik smartfonlarda joriy qilinishi va virtual haqiqat ko‘zoynaklari bilan birgalikda ishlatilishi mumkin.

“Biz bunday texnologiyani keng miqyosda yaratib, uni tezroq iste’mol tovarlariga joriy qilishni umid qilamiz”, dedi Bosvort.

CTRL-labs 2015 yilda Kolumbiya universiteti nevrolog shifokorlari Tomas Reardon va Patrik Kayfosh tomonidan tashkil etilgan. 2019 yil fevral oyida startap Alphabet GV va Amazon Fund’dan 28 mln $ jalb qildi.