Bank xodimlari tomonidan tadbirkorning kredit mablag‘lari o‘zlashtirilganligi aniqlandi, xabar beradi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

“Ipoteka-bank” Surxondaryo filialida “O-N” MChJ va bank o‘rtasida kredit shartnomasi tuzilgan.

Bank jamiyatga baliqchilikni rivojlantirish maqsadida sun’iy suv xavza barpo etish va baliq chovoqlari hamda omuxta yem sotib olish uchun 3 yil muddatga yillik 16% bilan 1 mlrd so‘m kredit ajratgan.

Bank filialining sobiq bo‘lim boshlig‘i mansab mavqeini suiste’mol qilib, MChJga ajratilgan 410 mln so‘mlik kredit mablag‘ining so‘ndirilmaganligini bila turib, filial boshqaruvchisining nomidan notarial idoraga jamiyat tomonidan kredit mablag‘lari muddatidan oldin qaytarilganligini to‘g‘risida xat bergan.

Natijada, band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etib, “O-N” MChJga ajratilgan 350 mln so‘m kreditni o‘zlashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan, Qishloq xo‘jaligi subyektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘limi sobiq boshlig‘i va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 233-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.