Jahon banki O‘zbekistondagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirishga 100 mln $ ajratadi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlarida keltirilgan.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo moliya, raqobatbardoshlik va innovatsiyalar bo‘yicha global amaliyoti rahbari Marializa Motta boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston ilm-fanini tijoratlashtirish loyihasi muhokama qilindi. Jahon banki vakillari Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Loyihani boshqarish guruhi faoliyati uchun 100 mln $ mablag‘ olishi mumkinligini qayd etdilar.

Mazkur loyiha 3 komponentdan iborat:

  • 1-komponent 5 mln $ qiymatiga ega bo‘lib, loyihani boshqarish guruhini yaratish va qo‘llab quvvatlash hamda tanlov bo‘yicha xalqaro kengashni tashkil etishga qaratilgan.
  • 30 mln $ miqdoridagi 2-komponent O‘zbekistondagi ilmiy-texnik tadqiqotlar hamda ishlanmalarni yanada barqaror va zamonaviy darajaga ko‘tarishga, ilm-fan natijalaridan olinadigan foydaning o‘sishiga va raqobatbardoshligining oshishiga xizmat qiladi.
  • Loyihaning 3-komponentiga esa 15 mln $ ajratilgan bo‘lib, bu mablag‘lar texnologiyalarni joriy etish, ilmiy konsepsiyalar yaratish, prototiplash, ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlari va tijoratlashtirish maqsadlariga sarflanishi ko‘zda tutilgan.