WhatsApp messenjeri xabarlarning o‘zini o‘zi yo‘q qilish funksiyasini sinab ko‘rishni boshladi, deb yozadi “The Verge”.

Uning yordami bilan foydalanuvchilar tanlangan xabarni ilovaning o‘zi o‘chirib yuboradigan ma’lum bir vaqtni belgilashlari mumkin.

Bunday imkoniyat messenjerning 2.19.275 versiyasida paydo bo‘lgan. Ammo hozircha barcha foydalanuvchilar uchun mavjud emas va beta-sinov bosqichidan o‘tmoqda.

O‘z-o‘zini yo‘q qiladigan xabarlarni yuborish imkoniyati ko‘pincha maxfiy ma’lumotlarni yuboradigan va uzoq vaqt messenjerda saqlanishini xohlamaydiganlar uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Bunday funksiya Telegram’da mavjud — faqat maxfiy suhbatdan foydalanuvchilar uchun amal qiladi.

WhatsApp yangi funksiyasi barcha messenjer foydalanuvchilari uchun mavjud bo‘ladimi yoki doimiy chat va guruh suhbatlarida ishlaydimi, hozircha noma’lum.