Toshkentda yil boshidan buyon “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish davomida 3309 nafar tadbirkor va hunarmandga 238,3 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lumotlarida keltirilgan.
Dastur ijrosi uchun Toshkent shahridan oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish masalasida murojaat etgan fuqarolarga imtiyozli kredit uchun 270 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Hozirda mazkur rejaning 90%i bajarildi. Shuningdek, imtiyozli kredit olish masalasida murojaat etganlarning loyihalarini o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Mazkur dasturga qo‘shimcha tarzda yana 26,5 mlrd so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilishi kutilmoqda.
Kredit uchun taqdim etilgan loyihalarning 462 tasi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga taalluqli bo‘lib, ularga 3,5 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratilgan.
Ilgari Spot prezident farmoniga binoan “Har bir — oila tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga yillik 8% stavkada 3−6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratilishi haqida xabar bergan edi.