Prezident fond bozorini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat obligatsiyalari fond bozoriga qayta chiqarildi. Lekin qimmatli qog‘ozlar chiqarib, ularni fond bozorida sotish mexanizmidan samarali foydalanilmayapti.

Fond bozoridagi aksiyalarning jami qiymati 25 trln so‘m bo‘lib, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 6%ga ham yetmaydi. Bu ko‘rsatkich Singapurda 188%, Malayziyada 112%, Rossiyada 34%ni tashkil etadi.

Joriy yilda chiqarilgan davlat obligatsiyalari valyuta birjasi orqali faqatgina tijorat banklariga sotilgan. Fond bozori professional ishtirokchilari soni yuztagayam bormaydi.

“Bugungi kunda bu soha 100ga yaqin normativ hujjatlar bilan tartibga solinib, ko‘plab cheklovlar o‘rnatilgan. Masalan, rivojlangan davlatlarda banklar fond bozorining faol ishtirokchisi hisoblanadi, O‘zbekistonda esa banklarga boshqa subyektlarning aksiyalarini birlamchi bozorda xarid qilish taqiqlangan”, deyiladi xabarda.

Davlat rahbari qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, ortiqcha cheklovlarni bekor qilish va fond bozorida ishlashni soddalashtirish zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda 605 ta aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining 85%i davlatga tegishli. Shundan 105 ta jamiyatning atigi 5% aksiyalari fond bozorida ishtirok etmoqda.

Jahon amaliyotidan kelib chiqib, kapital bozorida muomalada bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar turlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan talabni ko‘paytirish, xorijiy birja, brokerlar va banklarni mamlakat fond bozoriga jalb qilish choralari muhokama qilindi.

2020−2025 yillarda fond bozorini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Erkin muomaladagi jami qimmatli qog‘ozlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatini 2025 yil oxirigacha kamida 10−15%ga yetkazish mo‘ljallangan.