Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi KfW taraqqiyet banki vakilligi asosida Germaniya federal hukumati bilan hamkorlikda 2020 yilning ikkinchi yarmida moliya bozori “Mikro-, kichik va o‘rta biznes korxonalarini moliyalashtirish” dasturini boshlashni rejalashtirmoqda, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Dasturning asosiy maqsadi — O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes korxonalarini o‘rta va uzoq muddatlarga moliyalashtirishning barqaror o‘sishini ta’minlashdan iborat.

Shuningdek, dastur o‘z oldiga ishtirokchi moliya institutlarining vakolatini oshirishni qo‘llab-quvvatlashni, korxonalarning bozorga integratsiyalashuvini kuchaytirishni hamda qo‘shimcha qiymat yaratish zanjirini mustahkamlashni maqsad qilib qo‘ygan.

Dastur doirasida unda belgilangan me’zonlarga javob beradigan va tanlovdan o‘tgan hamkor moliya tashkilotlariga (HMT) kredit liniyasi ajratish hamda texnik ko‘mak ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.

Xozirda, KfW ko‘rsatmasiga asosan Frankfurt School of Finance & Management konsalting kompaniyasi tomonidan dasturni ishlab chiqish va salohiyatli ishtirokchi hamkor tashkilotlarni belgilab olish maqsadida dastlabki tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Dasturda ishtirok etishni xoxlovchi moliya institutlari uzb_program@fs.de elektron manzili orqali murojaat etishi mumkin.

KfW Bankengruppe moliyaviy guruhiga kiruvchi KfW Taraqqiyot banki hamkor davlatlar bilan moliyaviy hamkorlik qilish, iqtisodiyot, ijtimoiy infratuzilma va atrof-muhitning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida rivojlanayotgan mamlakatlar va o‘tish davri iqtisodiyotiga ega mamlakatlarda investitsiyalarni va tegishli maslahat xizmatlarini moliyalashtirish va trening faoliyatini moliyalashtirish uchun javobgardir.