O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magi bilan “BMB Trade Group” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov va “ADAGA Food and Consulting Co.” (Turkiya) rahbari Zeki Yusufog‘lu o‘rtasida mamlakatimizda bioorganik o‘g‘itlarni qo‘llash istiqbollari yuzasidan muzokara o‘tkazildi. Bu haqda deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“BMB Agro Trade” kompaniyasi maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar o‘rtasida qo‘shma faoliyat haqida kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, Jizzax viloyatida ilk bor Turkiyadan olib kelingan bioorganik o‘g‘itlar samarasini tekshirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish tajriba maydonlari tashkil qilinadi.

Kelishuvga ko‘ra, investor bioorganik o‘g‘itlarning sinov partiyasini ajratib, tajriba uchastkasida turkiyalik agronomlar faoliyatini yo‘lga qo‘yadi, laboratoriya tadqiqotlarini moliyalashtiradi.

Turkiya delegatsiyasi amaliy tashrif davomida Jizzax viloyati Arnasoy tumanida joylashgan “BMB Agro Trade” shoʻba korxonasida bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Eslatma: Turkiyaning “ADAGA Food and Consulting Co.” kompaniyasi 2011 yil tashkil qilingan. Kompaniya xitozan asosida bioorganik o‘g‘itlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

“BMB Trade Group” kompaniyasi esa yurtimiz bozorida xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, xorijiy kompaniyalarga konsalting xizmati ko‘rsatish bilan tanilgan.