Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida joylashgan “RS Success Agro” global biotexnologik sanoat agrokompleks eng noyob texnologiyalarni joriy etgan holda tarkibida sellyuloza bo’lgan ekinlarni yetishtirish va chuqur qayta ishlash hamda yer osti tomchilatib sug’orish tizimlari bo’yicha yirik loyihani amalga oshirmoqda deya xabar beradi O’zA.

Xovos tumanida eng murakkab va qimmat usul joriy qilingan, ya’ni 4 415 gektar maydonda yerosti tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistondagi tomchilatib sug‘oriladigan umumiy maydonning uchdan bir qismiga tengdir. Ushbu maqsadlarda “RS Success Agro” 4 776 112 500 so‘m miqdorida investitsiya kiritdi.

“Sirdaryo cho‘llari"ning sho‘rlangan dala maydonlarini yerosti tomchilatib sug‘orish uchun 46 ta artezian quduqlar o‘rnatilgan.

Birgina quduq 100 gektar maydon sug‘orilishini ta’minlaydi. Bu yerdagi sug‘orish jarayoni “Дождевание или арычный полив” singari boshqa sug‘orish turlari bilan solishtirilganda, suv sarfi 4−6 barobar kamdir. Eng muhimi, suvning bir tomchisi ham isrof bo‘lmay, zarur miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘simlik ildiziga yetib boradi.

Quduq va yerosti tizimlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun quyosh elektr panellari o‘rnatilgan. Xususan, 37 kVt quvvatga ega 120 ta quyosh paneli bitta yerosti tomchilatib sug‘orish stansiyasi ishlashini ta’minlaydi. Bugunga qadar korxona 46 ta shunday stansiyani o‘rnatdi. Ya’ni, bu 1700 kVt quvvatli mini-quyosh stansiyasidir. Shunday qilib, yerosti tomchilatib sug‘orish usuli ishlab chiqarilishini modernizatsiyalash uchun 81 208 675 000 so‘m miqdorida sarmoya kiritildi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi va INDUSTRIAL INNOVATION GROUPning strategik hamkorligi O‘zbekistonda ushbu loyihani amalga oshirish, eng avvalo, ekologiya va ishlab chiqarish balansini ta’minlash deganidir. Texnik kannabis yetishtirish orqali ekologik sof va xaridorgir mahsulotlar bilan jahon bozorini zabt etish mumkin. Bugun kannabisdan qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida o‘n minglab tovarlar ishlab chiqarilmoqda.

Eslatma: Prezidentning 2019-yili Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi asnosida Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Industrial Innovation Group LLC (BAA) kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolangan edi.