2020 yil IV chorakdagi pul-kredit siyosati sharhida Markaziy bank inflyatsiya darajasi ortishining asosiy xatarlarini qayd etdi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, yaqin istiqbolda iqtisodiyotda inflyatsion bosimni yuzaga kelishi quyidagi omillar bilan bog‘liq bo‘ladi:

  • Mavsumiy omillar, shuningdek, raqobat sharoitlari va jahon oziq-ovqat bozorlarining konyunkturasi sababli oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi;
  • Ichki bozorlarda narx barqarorligini saqlash uchun asosiy oziqovqat mahsulotlarini eksport qiluvchi mamlakatlar tomonidan oziq- ovqat mahsulotlarining ayrim turlarini eksport qilishga cheklovlar joriy etish bilan bog’liq muammolar.

Iqtisodiy tiklanish va inqirozga qarshi choralarni amalga oshirish davrida narx barqarorligining asosiy shartlaridan biri talab va taklifning o‘sishi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashdir.

Ishlab chiqaruvchilarga energiya yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli ishlab chiqarish jarayonlarining vaqtinchalik to‘xtashi bilan bog‘liq yuqori xarajatlar ayrim tarmoqlarda narxlarning oshishiga ma’lum bosimni yuzaga keltirishi mumkin.

Pandemiya va iqtisodiyotning to‘liq tiklanish davri bilan bog‘liq vaziyatga oid uzoq muddatli noaniqliklar iste’mol va investisiya kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunda talab tomonidan ham, taklif tomonidan ham shoklar yuzaga kelishi mumkin.

Bundan tashqari, inflyasion kutilmalar jilovlanmagan bo‘lib, turli omillar, shu jumladan, bozorlarda tovarlarning yetarli darajada ta’minlanmaganligi ta’sirida ularning ko‘tarilish ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda.