DSQ QQSni to‘lashdan qochish “sxema"lariga qarshi boshlangan faol kurashish harakatlarini “soxta” deya fikr bildirayotgan ekspertlar bayonotlarining asossiz ekanligini ma’lum qildi.

Soliq organlarining harakati juda mantiqiy, izchil, amaldagi soliq qonunchiligida (Soliq kodeksining 14,15, 266-moddalari) belgilangan va bozorda teng raqobat sharoitini yaratish orqali halol-pok tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Jumladan, qo‘llanilayotgan normalar xalqaro soliq ma’murchiligida keng foydalanilib, Soliq kodeksiga Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Rossiya Federatsiyasi ekspertlari taklifi bilan kiritilgan.

Shuningdek, soliq organlarining yondashuvi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga aralashmaslik tamoyiliga asoslanib, aloqasiz usullarni joriy etish, tahlil va inson omilisiz 64 ta mezonga asoslangan “Xavflarni tahlil qilish” avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

Uning natijasi bilan aynan 400 mingdan ortiq faol soliq to‘lovchilardan bor-yo‘g‘i, dastlab 396 ta va keyingi bosqichda 129 ta “shubhali” firma saralab olindi.

O‘tkazilgan kameral nazorat natijalari ushbu “shubhali” firmalar bilan ishlagan har bir sub’ektning qalbaki hujjatlari ortida tovarlarni sotish yoki xizmatlar ko‘rsatish kabi haqiqiy holatlar mavjud emasligini isbotladi.

Jumladan, soliq firibgarligi bilan shug‘ullangan “shubhali” firmalar bilan tovarsiz operatsiyalarni amalga oshirish orqali QQS summalarini byudjetga to‘lanmaganligi holatlari 97 foizi yoki 7 486 ta korxonada (780 mlrd. so‘m) to‘liq miqdorda, 97 ta sida esa (12,1 mlrd. so‘m) qisman tasdig‘ini topdi. Faqatgina 256 ta soliq to‘lovchi (30,7 mlrd. so‘m) asoslovchi hujjatlar taqdim eta oldilar. (2021 yil 2 mart holatiga)

Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash kabi bunday firibgarlik teng raqobatga va yurtimizning iqtisodiy-ijtimoiy ravnaqi, Davlat byudjeti daromadlarining shakllanishiga salbiy ta’sir qiladi.

Shu munosabat bilan soliq organlari halol-pok tadbirkorlarni noqonuniy sxemalarga aralashib qolmaslikka chaqirgan holda, samarali soliq nazorati orqali har qanday huqubuzarliklarni aniqlash va bartaraf etishni kafolatlaydi.

Avvalroq Spot, DSQ hisobvaraqa-fakturani o’tgan davr uchun hisobvaraq-fakturani shakllantirish imkonini yaratganligi haqida yozgan edi.