O‘zbekiston — Yaponiya markazida yapon hukumatining “Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasida navbatdagi grant shartnomalarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida “O'zA” agentligi xabar beradi

Tadbirda Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Moliya, Investisiyalar va tashqi savdo vazirliklari hamda Qoraqalpog‘iston respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ul vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun:1995-yildan boshlab ushbu dastur asosida tibbiyot, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va boshqa qator sohalar bo‘yicha mamlakatimiz muassasalari, mahalliy hokimiyat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida sal kam 29 million dollarlik jami 400 dan ortiq loyiha amalga oshirildi.


Bu galgi grant oluvchi muassasalar bilan umumiy hisobda 483 502 dollarlik 6 ta loyiha imzolandi. Tomonlar kelishuviga ko‘ra, ajratilgan mablag‘ yordamida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda mazkur tuzilmaning Farg‘ona, Qoraqalpog‘iston filiallari, Sirdaryo viloyati Guliston shahri tibbiyot birlashmasi akusherlik majmuasi, Jizzax viloyati Forish tumani tibbiyot birlashmasi tibbiyot uskunalari bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi ko‘zi ojiz va kar o‘quvchilarga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga ham zarur uskunalar yetkazib beriladi.

Avvalroq Spot, Toshkentda Yaponiyaning IT maktablari ochilishi haqida xabar bergan edi.