Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov 30 mart kuni AQSHning “Valor Hospitality Partners” kompaniyasi Boshqaruv raisi Euan Mc Glashan boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar olib bordi. Bu haqida Turizmni rivojlantirish qo’mitasi rasmiy sayti xabar beradi.

Qo‘mita axborot xizmati ma’lum qilishicha, xorijiy kompaniya rahbari tomonidan O‘zbekistonda Hyatt, Accor, Marriot, Hilton kabi dunyoning yetakchi brend mehmonxonalar tarmog‘ida faoliyat olib boruvchi kadrlar tayyorlovchi ta’lim maskanini ochish bo‘yicha taklif berildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar “Valor Hospitality Partners” kompaniyasining mamlakatimizda boshqaruv ofisini tashkil etishga, O‘zbekistonning turizm salohiyatini butun dunyoda targ‘ib qilish hamda Buxoro shahrida “Hyatt Regency” brendi ostida 5 yulduzli mehmonxona tashkil etish loyihasini amalga oshirishga kelishib olishdi.

Shuningdek, hamkorlar tomonidan 31-martda Toshkentda Metric Ventures (MJ Group kompaniyasi) va Hyatt International bilan shartnoma imzolash marosimi o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun: “Valor Hospitality” kompaniyasi Hyatt, Accor, Marriot, Hilton kabi dunyoning yetakchi mehmonxona brendlari boshqaruvi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya bo‘lib, hozirga qadar komopaniya tomonidan dunyo bo‘ylab 60 000 xonadan iborat bo‘lgan 150 ta mehmonxona boshqaruvi yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya Buyuk Britaniya, Tayland, Janubiy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida o‘z boshqaruv ofislariga ega.