Moliya vaziri o’rinbosari Dilshod Sultanov QQS bilan bog’liq eng ko’p beriladigan savollarga javob berdi. Bu haqida Moliya vazirligi Axborot xizmati xabar beradi.

Mutasaddining fikricha, ko’plab sohalarda QQS stavkalarini pasaytirish yoki butunlay soliq to’lamaslik to’g’risida takliflar ishlab chiqaruvchilar va savdo manfaatlari bilan emas iste’molchilar nuqtai nazaridan bildirilmoqda.

Biznesning ma’lum tarmog’iga bunday imtiyoz joriy etilganda ham, uning QQS to’lovchisi ekanligini bilgan holda foydani kamaytirib amortizatsiya taqdim etiladi. Shuningdek, Sultanov iste’molchilar uchun buning qanday foydasi borligiga izoh berib o’tdi.

“Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, QQS stavkasini kamaytirish, odatda, tovar va xizmatlarni mos ravishda arzonlashtirmaydi. Masalan, O‘zbekistonda bundan bir yarim yil avval soliq stavkasi 20% dan 15% gacha pasaytirilgan edi. Iste’molchilardan kimdir narxlarning 5%ga haqiqatda tushganligini sezdimi? Tovarlar va xizmatlarning aksariyati bo‘yicha narxlar tushmagan. 2021 yil yanvaridan aksiz solig‘i bekor qilingan import tovarlari narxlari ham arzonlashmadi. Bu raqobat yo‘qligini yoki iste’molchi ushbu narxni to‘lashga tayyorligini va chakana savdo bu narxni pasaytirishni xohlamayotganligini bildiradi”

Uning fikricha turistik xizmatlarga QQS siz ishlash imkoniyati taklif etish narxlarning pasayishiga olib kelmaydi deya fikr bildirdi. Shu bilan birga sayyohlik kompaniyalarining barcha kontragentlariga shunday imtiyozlar berilishi imkonsiz (avtomobil tashuvchilariga, umumiy ovqatlanish, elektr energiyasi, gaz yetkazib beruvchilar va boshqalar) va xizmatlar tannarxi oshishini ta’kidlab o’tdi. Shuningdek, mehmonxona xonalarining bozor narxini hech kim tushirmaydi.

“QQS stavkasini kamaytirishning samarali alternativ varianti mavjud — bu manzilli subsidiyalar orqali tarmoqni qo‘llab-quvvatlash. Shuning uchun davlat investorlarga yangi mehmonxonalarni qurish va jihozlash uchun subsidiyalar to‘laydi. Demak, 100 xonali 4 yulduzli mehmonxona uchun investor 6,5 mlrd. so‘m miqdorida subsidiya oladi. Shunday qilib, davlat bozorda yangi mehmonxonalar paydo bo‘lishini rag‘batlantiradi, bu raqobat kuchayishi va rostdan ham narxlarni pasaytirishi kerak”, — deya izoh beradi Dilshod Sultanov.

Uning fikricha tabaqalashtirilgan QQS stavkalari soliq ma’murchiligida va alohida-alohida hisobni yuritishda qiyinchiliklarni tug’diradi va sud nizolariga sabab bo’ladi.


Sultanovning so’zlariga ko’ra, biznesga yordam berishning yana bir usuli — byudjetga soliqni to‘lash muddatini oshirishdir. Agar tadbirkor soliqni keyingi oyning 20 sanasiga qadar to‘lasa, xaridordan pul tushgan kundan boshlab QQS byudjetga o‘tkazilgan sanagacha foizsiz kreditdan foydalana oladi. Agar soliqni chorakda bir marta to‘lanadigan qilgan holda ushbu muddat uzaytirilsachi? Foizsiz kreditdan foydalanish muddati 2−3 barobar oshadi.

“O‘zbekistonda o‘tgan yili aynan shunday norma joriy etildi. 2020 yilning aprelidan tovarlar (xizmatlar) ni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasi 1 mlrd. so‘mdan oshmaydigan QQS to‘lovchilari chorakda bir marta QQS to‘lashni boshladilar. Bu esa korxonalarning aylanma mablag‘larini ko‘paytirib, ularning kredit resurslariga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirdi va bank kreditlarini to‘lash uchun o‘n milliardlab so‘m mablag‘ni tejadi”, — deya qo’shimcha qildi.

Boshqa mamlakatlar tajribasi

QQSning pasaytirilgan stavkalari odatda past daromadga ega bo‘lgan iste’molchilarning manfaatlari, ya’ni ijtimoiy maqsadlar uchun deb izohlanib joriy etiladi. Bu ishlashi uchun soliq stavkasi pasaytirilishi iste’molchilarga narxlarni pasaytirish ko‘rinishida berilishi lozim.

Nazariy jihatdan, bozor to‘liq raqobatli bo‘lsa, bu, haqiqatda shunday bo‘lishi kerak. Biroq, bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda ham tovar va xizmatlar bozorlari to‘liq raqobatli emas va amalda QQSning pasaytirilgan stavkalari narxlarning yetarli darajada kamayishiga olib kelmaydi.


Buni birinchi va eng muhim tadqiqotlardan biri — “ko‘p mehnat talab qiladigan xizmat tajribasi” deb nomlangan tadqiqot ko‘rsatdi. 1999 yilda bir qancha Yevropa mamlakatlarida va bir qator tarmoqlarda (sartaroshlik va boshqa ko‘p mehnat talab qiladigan xizmatlar) o‘tkazilgan tadqiqotning maqsadi pasaytirilgan QQS stavkalarini joriy etishning narxlarning pasayishiga ta’sirini tekshirish edi.

“2003-yilda Yevropa komissiyasi hisoboti ko‘p mehnat talab etadigan xizmatlar narxlariga yangi pasaytirilgan stavkalarning ta’siri minimal ekanligini tasdiqladi: pasaytirilgan QQS stavkalari yo narxlarga umuman ta’sir qilmagan, yoki faqat qisman — shunda ham, qisqa vaqt davomida, keyin ular yana ko‘tarila boshlagan. Boshqa tadqiqotlar bilan ham tasdiqlangan xulosa bir xil: iste’molchilar, odatda, QQS stavkalarini kamaytirishdan foyda ko‘rmaydilar. Bundan yutganlar asosan iste’molchilar to‘lashga tayyor bo‘lgan narxlarni tushirishni xohlamagan chakana sotuvchilar bo‘lgan”, — dedi mutasaddi vakil.

Shuningdek, u QQS stavkalarini pasaytirish orqali iste’molchiga yordam berishga erishish imkonsiz ekanligi aytib o’tdi.

QQS stavkalarini pasaytirishda nafni birinchi navbatda, kam ta’minlangan oilalardan ko‘ra ko‘proq iste’mol qiladigan yuqori daromadli oilalar ko‘radi. Ya’ni million qiymatga ega xonalarda yashaydigan odamlar 250 ming so‘m qiymatga ega xonalarda yashayotganlardan ko‘ra ko‘proq foyda ko‘radi. Va buni sayohat va mehmonxona xizmatlaridan umuman foydalana olmaydigan shaxslar bilan solishtirib ham bo‘lmaydi.

Misol uchun, Gana davlatida o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, pasaytirilgan QQS stavkalaridan olingan foyda 10% eng kambag‘al oilalarda 16 AQSH dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 10% yuqori daromadaga ega oilalarda 190 dollarni tashkil etgan.

Shunday qilib, amaliyotda QQS stavkalarining pastroq narxlarga olib keladigan darajada pasaytirilishi, haqiqatda yuqori daromadli oilalarning iste’molini subsidiya qiladi.

Shu munosabat bilan, kam ta’minlangan oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordam ko‘rsatish amaliyoti samaraliroq va manzilli hisoblanadi. O‘ziga to‘q fuqarolar soliqlar, shu jumladan QQS orqali davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishga ancha katta hissa qo‘shadilar, bu ehtiyojmand oilalar foydasiga qayta taqsimlanadi.

Umuman, iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun tabaqalashtirilgan QQS stavkalaridan foydalanish samarasiz chora. Soliqdan tejash kamdan-kam hollarda xaridorlarga o‘tadi, odatda u chakana savdogarlarda qoladi.

Hattoki, naf iste’molchilarga o‘tgan taqdirda ham, pasaytirilgan stavkalar eng boy uy xo‘jaliklariga ko‘proq foyda keltiradi. Kam ta’minlangan oilalar byudjet yo‘qotishlari tufayli potensial jamoat xizmatlari va ijtimoiy nafaqalarni yo‘qotgan holda, 10−15 marta kamroq yutadilar.


Shunday qilib, ko‘pgina mamlakatlarda soliqqa tortish amaliyotiga qaramasdan, yagona stavkali QQS bir necha imtiyozli stavkalarga qaraganda samaraliroq bo‘ladi.

Bir tomondan, yagona stavka ma’muriyatchiligi ham soliq organlari, ham soliq to‘lovchilar uchun ancha arzonga tushadi.

Boshqa tomondan, barcha turdagi korxonalar teng raqobat sharoitida bo‘lib, daromadlari ustuvor ahamiyatga ega faoliyat turlariga va ijtimoiy ehtiyojmandlarga sezilarli yordam berishga imkon beradigan byudjetni to‘ldirishda teng ishtirok etadilar.

Shuningdek D.Sultonov QQSning pasaytirilgan stavkalariga qarshi ishonchli dalillar bo’lmasdan turib uning boshqa davlatlar tomonidan qo’llanishi bo’yicha ham o’z fikrini bildirdi.

Xalqaro moliya institutlari ekspertlari odatda bu holatlarning bir necha sabablarini qayd etadilar:

Birinchidan, Yevropada pasaytirilgan stavkalardan 1967 yilda QQS joriy etilganidan beri foydalanilgan. O‘sha paytda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni hech kim bilmasdi. Muammolar o‘n yillar o‘tib ko‘rinib qoldi. Ammo imtiyozarni kiritishdan ko‘ra ularni bekor qilish ancha qiyin.

Ikkinchidan, imtiyozli QQS stavkasi qo‘llanadigan tarmoqlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar birlashmalari timsolida QQSning pasaytirilgan stavkalarining kuchli lobbisi bor.

Uchinchidan, rivojlangan mamlakatlarda ayrim tovar va xizmatlarni imtiyozli soliqqa tortishning yana bir ehtimoliy sababi — saylovchilarga QQS bazasiga kiritilgan barcha tovar va xizmatlarni bir xilda soliqqa tortish zarurligini tushuntira olmaslik yoki istamaslikdir.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda muhim tovarlar uchun imtiyozli stavkalardan foydalanishning sababi aholining ijtimoiy himoyasining mavjud mexanizmlari samaradorligiga hokimiyatning ishonchi yo‘qligidir. Ular ehtiyojmandlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yanada samarali usullarini qo‘llay olmaydilar.