Tomchilab sug’orishga asoslangan uzumzorlik plantatsiyalari maydonini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “O'za” AA xabar beradi.

Joriy yilda lalmi va foydalanishdan chiqqan 40 ming gektardan ortiq maydonlarida yangi tokzorlar barpo etilib, 6,2 ming gektar maydondagi eski iqtisodiy samarasiz tokzorlar rekonstruksiya qilinadi.

Shuningdek, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tashabbuskorlar uchun 144 ta quduq qazilishiga 17,3 milliard hamda tomchilatib sug‘orish uchun 51,5 milliard so‘m mablag‘ ajratishni ko‘zda tutgan.

Joriy yilda uzumzorlar ko‘lamini kengaytirish uchun jami 68,8 milliard so‘m mablag‘ ajratish va bu orqali tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, agentlik faoliyat yuritayotgan tashabbuskorlar va fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020−2021 yillarda sug‘orilishi og‘ir lalmi yer maydonlarida 143 dona artezian qudug‘i qazilib, 4 ming 150 gektar maydondagi sanoatbop tokzorlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi.

Shu bilan birga, 89 dona artezian qudug‘i uchun 10,6 milliard so‘m, 2 ming 952 gektar tomchilatib sug‘orish tizimiga jami 24 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilib, o‘tgan 2020- yilda respublika hududlarida fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 22,6 ming gektar maydonda yangi tokzorlar barpo etildi. Shuningdek, 4,3 ming gektar maydondagi tokzorlar rekonstruksiya qilindi.