UZCARD kompaniyasi soʻnggi paytlarda koʻpayib borayotgan firibgarlikdan ogoh boʻlishga chaqirmoqda. Kompaniyaning xabar berishicha, ana shunday saytlardan biri — uzcard.pro soxta boʻlib, haqiqiy boʻlmagan maʼlumotlarni taqdim etish orqali oʻz servisi yordamida valyuta amaliyotlarini amalga oshirishga undamoqda.

Mazkur sayt tomonidan soʻraladigan va bajariladigan barcha jarayonlar noqonuniy boʻlib, unda foydalanuvchilarning shaxsiy mablagʻlarini oʻzlashtirib olishga intilish mavjud.

“UZCARD xodimlari va bank vakillari hech qachon maxfiy SMS-kodni va shaxsiy maʼlumotlarni soʻramaydi. Shu sabab, agarda sizga shubhali SMS yoki qoʻngʻiroqlar kelib tushayotgan boʻlsa, ular haqida 71 200−28−28 raqamiga xabar bering”, — deyilgan kompaniya xabarida.

Kompaniya UZCARDning rasmiy servislari uzcard.uz domenida roʻyxatdan oʻtkazilganligini, qolgan barcha havolalarning esa kompaniyaga aloqasi yoʻqligini eslatib oʻtmoqda. Shuningdek, SMS tariqasida kelgan havolalarga oʻtmaslik va hech qanday amaliyotni amalga oshirmaslikka chaqirmoqda.