Uzbekistan Airways’ning xabar berishicha, O‘zbekiston Yaponiyaga parvozlarni vaqtincha to‘xtatmoqda. Bu qaror respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilindi. Uzbekistan Airways’ning Yaponiyaga parvozlari ushbu mamlakatda sanitariya-epidemiologik holat yaxshilanmagunga qadar bekor qilindi.

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida parvozlarni qisman tiklash 2022-yil bahor-yozgi navigatsiya davrida rejalashtirilgan. Shu bilan birga, mamlakatlardagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan keyingina muntazam parvozlarni tiklash mo‘ljallangan.

Ma’lumot uchun, 2015-yildan 2019-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida 500dan ortiq reyslar amalga oshirilgan hamda ushbu davrda o‘z manziliga yetkazilgan yo‘lovchilar soni 72 ming kishidan oshgan. 2020-yilda mamlakatlar o‘rtasida muntazam aviaqatnov pandemiya sababli to‘xtatildi.