12-maydan boshlab Nur-Sulton va Olmaota aeroportlarida ASHYQ loyihasini sinov rejimida amalga oshirish boshlandi. Bu haqda Uzbekistan Airwaysʼning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bunda yoʻlovchilar aeroport terminal binosiga pasport raqamlaridan foydalangan holda ASHYQ mobil ilovasidagi QR kodini skanerlash orqali tekshirilib, soʻng kiritiladi. Quyidagi yoʻlovchilar uchun terminallarga kirish ruxsat etilmaydi:

  • “Sariq” holatdagi — maʼlumotlar bazasida koronavirus yuqtirgan odam bilan aloqada boʻlgan yoʻlovchilar;
  • “Qizil” — COVID-19 ga topshirilgan testi musbat javob olgan yoʻlovchilar.

Shu munosabat bilan, Uzbekistan Airways yoʻlovchilarga ASHYQ dasturini oldindan oʻrnatish, oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtish uchun aeroportlarga ertaroq yetib kelishni tavsiya etmoqda.

Maʼlumot uchun, ASHYQ — bu jamoat joylarida tashrif buyuruvchilarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun dastur boʻlib, uning foydalanuvchisi maxsus QR kodini skanerdan oʻtkazadi va uni obyektga kiraverishda administratorga taqdim etadi.

Kod tashrif buyuruvchining maqomini belgilaydi. Ushbu maqom PCR tadqiqotlarining yagona integratsion portali va Sogʻliqni saqlash vazirligining COVID-19 boshqaruv markazining axborot tizimlari bilan kelishuv asosida belgilanadi.