Joriy yilning 17-may kuni “Raiffeisen Research” tomonidan “Oʻzbekiston iqtisodiyotiga nazar: Polsha va Ukraina izidan” nomli tahliliy hisobot chop etildi.

Hisobot mualliflarining fikriga koʻra, keng miqyosdagi islohotlar dasturi ortidan Oʻzbekiston oʻzini Markaziy Osiyoning “Polsha"si sifatida tanitdi. Jahon moliyaviy inqirozi davrida (2008−2009) Polshada boʻlgani kabi Oʻzbekiston ham 2020-yilgi koronavirus pandemiyasi inqirozi sharoitida ijobiy iqtisodiy oʻsishni saqlab qolib, muqarrar iqtisodiy inqirozning oldini olishga erishgan.

Bunga hisobotda quyidagi iqtisodiy faktorlar asos qilib koʻrsatildi:

  1. Oʻzbekistonda nisbatan yuqori iqtisodiy oʻsish inqirozga qarshi samarali iqtisodiy siyosat natijasi ekanligi;
  2. Institutsional islohotlarning birinchi bosqichida pul-kredit siyosati va bank tizimi isloh qilinayotgani;
  3. Islohotlarni amalga oshirish va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda xorijiy investorlar ishtirok etayotgani;
  4. Xalqaro banklarning Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishi sezilarli darajada ortayotgani.

Shuningdek, hisobotda COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlariga qaramay Oʻzbekiston YAIMning oʻsishi 2016−2022-yillarda oʻrtacha 5% ni tashkil qilganligi taʼkidlangan.

Bu, oʻz navbatida, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi oʻrtacha YAIM oʻsish — 2,5% ga nisbatan yuqori hisoblanadi, deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, “Raiffeisen Research” — Avstriyaning ikkinchi yirik banki boʻlib, “The Raiffeisen Banking Group"ning tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi. U asosiy faoliyatini Avstriya hamda Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasida olib boradi.