Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Qashqadaryo viloyatida dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda oliy taʼlim muassasalarida startap-loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qaror qabul qilindi.

Hujjatga asosan, “Qarshi Technopark” dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mazkur texnoparkning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

  • viloyatda axborot texnologiyalari sohasida raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqish va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, mahalliy dasturiy mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda ilgari surish va eksport qilishga koʻmaklashish;
  • innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqish va natijalarini tijoratlashtirishda axborot texnologiyalari sohasidagi startaplar va kichik korxonalarga koʻmaklashish, shu jumladan, venchur moliyalashtirish orqali startap-loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish;
  • yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqish va xizmatlar koʻrsatish zanjirining uzluksizligini taʼminlash maqsadida ixtisoslik boʻyicha ilmiy, taʼlim, ishlab chiqarish tashkilotlarining integratsiyalashuvini taʼminlash;
  • axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar jamoasini shakllantirish, axborot texnologiyalari sohasida yetakchi kompaniya va mutaxassislarni jalb etgan holda mahorat darslari, treninglar va ilgʻor oʻquv kurslari, seminarlar tashkil etish va boshqalar.

Texnopark faoliyati texnopark tomonidan shartnomalar asosida amalga oshirilgan xizmatlardan tushgan mablagʻlar, Qashqadaryo viloyati mahalliy byudjetining 2021−2022-yillardagi zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.