Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi — ISMA universiteti prezidenti Roman Dyakon va xalqaro oliygohning Fargʻona shahridagi filiali rahbari Sandra Plota bilan uchrashdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Latviya oliygohining Fargʻona filiali mazkur viloyatda tashkil etilgan ilk xalqaro oliy taʼlim muassasasidir. Hozirda filialda 175 nafar Oʻzbekistoning turli hududlaridan kelgan talaba yoshlar axborot texnologiyalari, turizmda boshqaruv va tadbirkorlikni boshqarish yoʻnalishlari boʻyicha tahsil oladi.

“Fargʻona shahridagi filialimiz uch yildan buyon samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Oʻtgan yili filialda 10 ta davlat granti uchun oʻrin ajratilgan edi, yangi oʻquv yilidan boshlab 10 nafar fargʻonalik yosh viloyat hokimligi tanlovi asosida oliygohimizda bepul tahsil olishi mumkin. Shuningdek, talabalar oliy taʼlimning bir qismini Latviyada davom ettirish imkoniyatiga ega” , — dedi Roman Dyakon.

Viloyat hokimi mehmonlarning ISMA universiteti faoliyatini yana-da kengaytirish orqali Fargʻonada xalqaro oliy taʼlim istiqboliga hissa qoʻshishga qaratilgan taklif va mulohazalari doimo qoʻllab-quvvatlanishi, bu boradagi koʻmak va hamkorlikka hamisha tayyor ekanligini bildirdi.