“Mashinasozlik va elektrotexnika maxsus sanoat habi maxsus sanoat zonasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” prezidentning qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, Andijon viloyatining 105 gektar yerida maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.

Sanoat habining faoliyat yuritish muddati — 30 yil. Muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin.

Sanoat habining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • tashqi bozorlarda talab etilayotgan va import oʻrnini bosuvchi, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalari jalb etish;
  • viloyatning mashinasozlik va elektrotexnika sanoatidan ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni taʼminlash;
  • mahalliy xomashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish hamda maxsus sanoat zonasi ishtirokchilari oʻrtasida va respublikada sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori texnologiyali mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
  • viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish asosida mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, ishlab chiqarishni kengaytirish va ularning eksport hajmini oshirish.

Sanoat habi faoliyati davomida uning hududida maxsus iqtisodiy zonalar uchun belgilangan alohida soliq, bojxona va valyuta tartibotlari amal qiladi.