Prezident boshchiligidagi Surxondaryo viloyatining faollari bilan boʻlib oʻtgan yigʻilishda import oʻrnini bosuvchi yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun $50 million miqdorda imtiyozli moliyaviy resurs ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, davlat rahbari yetarli eʼtibor berilmayotgan mahalliy sanoat korxonalari bilan jiddiy shugʻullanish kerakligi, ularni qoʻllab-quvvatlash uchun import oʻrnini bosuvchi ijtimoiy-maishiy tovarlar ishlab chiqaruvchi mahalliy sanoat korxonalarini mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo va yarim fabrikatlarni import qilishda 2026-yil 1-iyulgacha bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod qilishni taklif etdi.

“Bir oy muddatda sanoat sohasidagi jami qiymati $928 million boʻlgan 56 ta qoʻshimcha istiqbolli loyihaning har birini chuqur oʻrganib, tashabbuskori va moliyalashtirish manbasini aniq belgilagan holda, ularni amalga oshirish boʻyicha tarmoq jadvallarini tasdiqlasin”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning soʻzlariga koʻra, viloyatda import oʻrnini bosuvchi yangi loyihalarni moliyalashtirish, zarur infratuzilmani yaratish, eksportyorlarni aylanma mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan $50 million miqdorida imtiyozli moliyaviy resurs ajratiladi.