Butun dunyo boʻylab uy-joy narxlari oshib bormoqda. “kun.uz"ning yozishicha, 56ta mamlakatda Knight Frank tomonidan oʻrtacha narxlarni taqqoslash natijasida olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, oʻtgan yilning mart oyidan joriy yilning mart oyigacha uy-joy narxlari oʻrtacha 7,3% ga qimmatlashgan.

Turkiya ketma-ket beshinchi chorakda narxlarning yillik oʻsishi reytingida yetakchilik qilmoqda (32%). Birinchi oʻnlikdan asosan rivojlangan davlatlar, jumladan, Yangi Zelandiya (22,1%), AQSh (13,2%), Shvetsiya (13%), Avstriya (12,3%) va Norvegiya (10,9%) oʻrin olgan. Rossiyada bu koʻrsatkich 11,1% ni tashkil etgan.

Baʼzi bir yirik iqtisodiyotlar, xususan, Hindiston (-1,6%) va Ispaniya (-1,8%)da koʻchmas mulk narxlari arzonlashgan.

Iqtisodiy tahlilchi va mustaqil ekspert Igor Soy tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, 2021-yil may oyida Toshkentdagi kvartira sektorida (ikkilamchi bozor) uy-joylarning oʻrtacha yetkazib berish narxi kvadrat metr uchun $717 ga yetgan (oylik oʻsish surʼati 2,1%). Bir yillik oʻsish esa dollarda hisoblaganda 9,3% dan iborat boʻlgan. Bu raqamlar soʻmda koʻrsatilganda, bir yillik oʻsish surʼati 13,8% ni tashkil etgan.