“O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni (PF-6256-son, 05.07.2021 y.) qabul qilindi.

Farmon bilan O‘zbekistonda sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021−2025 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi hamda konsepsiya bo‘yicha 2021−2023 yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Farmonga ko‘ra, Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

Institut sud ekspertizasi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradi.

2021-yil 1-sentyabrdan:

  • davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish huquqi beriladi;
  • iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritishda advokatga sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat so‘roviga ko‘ra ekspertiza o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi;
  • nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini har 3 yilda bir marotaba attestatsiyadan o‘tkazish mexanizmi joriy qilinadi.
  • 2022-yil 1-martdan aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir ma’lumotlarni yetkazish va axborot hamkorligining barcha turlarini ta’minlash uchun mo‘ljallangan “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.

Shuningdek, sohada kadrlarni tayyorlash OTMlarida dual ta’lim prinsipiga muvofiq, kamida 6 oylik ekspertlar tayyorlash kurslarida amalga oshirilishi mumkin.

Farmon bilan shuningdek, 2021−2025 yillarda joriy etiladigan ekspertiza va tadqiqot turlari ro‘yxati (16 ta) tasdiqlandi.