Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ichki bozorda narxlar boʻyicha monitoring natijalarini taqdim etdi.

Xususan, 2021-yil 26-maydan 30-iyungacha boʻlgan davrda Oʻzbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan narxlarning viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha oʻzgarishi tahlil qilindi. Bu haqda markaz axborot xizmati Spot’ga xabar berdi.

Kartoshka e’tibor markazida

Davlat statistika qoʻmitasining ma’lumotlariga koʻra, respublikada bir kilogramm kartoshkaning oylik oʻrtacha narxi 18,3% ga kamayib 3 337 soʻmni tashkil etgan.

Oʻrtacha narxlar diapazoni Surxondaryo viloyatida bir kilogramm uchun 1 600 soʻmdan Toshkent shahrida 5000 soʻmgacha boʻlgan oraliqni tashkil qilgan.

Hududlar kesimida eng yuqori narx oʻsishi:

  • mol goʻshti Xorazm (+5,0%), Qashqadaryo (+1,7%) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida (+1,7%) va Toshkent shahrida (+1,8%);
  • sut Andijon (+5,4%), Samarqand (+3,3%) viloyatlarida;
  • shakar Surxondaryo (+4,1%), Buxoro (+3,2%) viloyatlari va Toshkent shahrida (+2,4%);

Respublikada oy davomida oʻrtacha narxlarning pasayishi tuxum (-7,8% yoki 9 834 soʻm/10 donasi), kartoshka (-18,3% yoki 3 337 soʻm/kg), guruch (-0,3% yoki 10 123 soʻm/kg), oʻsimlik yogʻi (-0,9% yoki 18 804 soʻm/litr) va bugʻdoy uni (-0,1% yoki 4 873 soʻm/kg) kabi mahsulotlar narxida qayd etilgan .


Hududlar kesimida narxlarning eng katta pasayishi quyidagilar uchun kuzatilgan:

  • mol goʻshti Navoiy (-3,0%) viloyatida;
  • sut Sirdaryo (-3,2%) va Xorazm (-2,1%) viloyatlarida;
  • tuxum Surxondaryo (-17,3%), Jizzax (-11,5%), Namangan (-10,7%) viloyatlarida;
  • kartoshka Xorazm (-25,8%), Fargʻona (-25,6%), Surxondaryo (-24,6%), Namangan (-23,8%) viloyatlarida;
  • guruch Andijon (-2,6%), Samarqand (-1,3%), Qashqadaryo (-0,8%) viloyatlarida;
  • bugʻdoy uni Namangan (-4,8%), Navoiy (-1,6%) viloyatlarida;
  • shakar Xorazm (-2,1%), Sirdaryo (-1,5%) viloyatlarida;

Oʻzbekistonda koʻrib chiqilgan davr mobaynida asosiy iste’mol tovarlari uchun narx muhiti nisbatan past darajada oʻzgaruvchanligi bilan farqlanadi. Avvalgi oyga nisbatan tuxum, kartoshka, guruch, oʻsimlik yogʻi va bugʻdoy unining narxi pasayib, mol goʻshti, sut va shakar uchun narxlarining oʻsish dinamikasi sezilarli darajada sekinlashgan.