Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “FURSAT” davlat media-loyihasini ishga tushirmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi — Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini (YOSTZ) tashkil etish tashabbusini ilgari surish va yoshlarni o‘z biznes loyihalarini amalga oshirishga jalb etishdan iborat.

Loyiha 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan, o‘z bizneslarini boshlash uchun g‘oyaga ega, ammo uni hayotga tatbiq etish uchun yetarli tajriba va boshlang‘ich kapitalga ega bo‘lmagan yigit-qizlarga mo‘ljallangan.

YOSTZlar yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun maydon bo‘lishga mo‘ljallangan. Ular hududida zarur infratuzilma barpo etilgan hamda yoshlar o‘z loyihalarini amalga oshirish va innovatsion g‘oyalar asosida ishlab chiqarish ob’ektlarini tashkil etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Mamlakatda jami 219 ta YOSTZ yaratiladi, ularning umumiy maydoni esa 805,6 gektarni tashkil etadi. Shu bilan birga, hozirda 185 ta shunday zonalar tashkil etilib, ularning hududida dastlabki loyihalarni amalga oshirish boshlandi.

“FURSAT” loyihasiga qanday a’zo bo‘lish mumkin?

Agar o‘z biznesingizni boshlash uchun g‘oya yoki tayyor biznes-rejaga ega bo‘lsangiz, www.fursatloyiha.uz yoki @fursatloyiha_bot telegram-boti orqali ariza yuboring.

Arizangiz o‘rganilib, tasdiqlanganidan so‘ng, yetti yil muddatga $100 000 gacha imtiyozli kredit olish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Bundan tashqari, viloyatingizdagi YOSTZ hududida ishlab chiqarishni tashkil etish uchun sizga 1000 kvadrat metrgacha yer ajratilishi mumkin.

Agar sizda biznes-reja bo‘lmasa, “Loyihalar fabrikasi” biznes-inkubatorlarining tajribali mutaxassislari uni ishlab chiqish uchun sizga barcha zarur yordamni ko‘rsatadilar.