Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarida talab o‘zgarishi muntazam ravishda tahlil qilib kelinmoqda.

Mazkur bozorlarda talab o‘zgarishi O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat yomonlashgani bilan ifodalanmoqda. Bu haqda Markaz matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.

Joriy yilning iyul oyida mamlakatimizda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 18,1 mingtani tashkil etdi, bu iyun oyiga nisbatan 16%ga kamdir.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadaki, ko’chmas mulk bozoridagi bitimlar sonining kamayishi — mamlakatdagi epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi va buning ortidan potensial xaridorlarning hozirgi bozor sharoitlarida oldi-sotdi ishlarini amalga oshirishda biroz tiyilib turishlari bilan ifodalanadi.

Markaz tomonidan o’tkazilgan tadqiqotlar natijasida, kichik va xususiy biznes vakillarining 17 foizi pandemiya tovar va xizmat ko’rsatish sohalariga salbiy ta’sir ko’rsatadi deya fikr bildirgani ma’lum bo’ldi.

Shuningdek, talab kamayishiga yana bir sabab — aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlari sonining kamayishi bilan ham bog’liq.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko’ra, o’tgan 7 oy mobaynida aholiga o’tgan yilga nisbatan 19,2 foizga kam ipoteka kreditlari ajratilgan.

Viloyatlarda ham talab pasayishi kuzatilgan. Ularning eng sezilarli nuqtalari Buxoro, Namangan, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatlarida qayd etilgan.

Bozordagi talabning oshishini kuz mavsumida, dam olish davri tugab, faol ish jarayonlari boshlanganda kuzatilishi mumkin. Shuningdek, bozor tiklanishiga ommaviy emlanish ham ta’sir etadi.