Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farmoniga muvofiq, 2021-yilning 1−4 sentyabr kunlarida temir yoʻl xizmatidan foydalanishda bir qator chegirmalar tatbiq etiladi. Bu haqida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ eslatma bilan chiqdi.

Xabarga koʻra, chegirmalar quyidagi holatlarda qoʻllaniladi:

  • nafaqaxoʻrlar, nogironlar, 1941−1945 yil urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilganlarga — 50%;
  • oliy oʻquv yurtlarining talabalari, maktab oʻquvchilari, kollej va litsey talabalari, IIV, MV, DXX, DS, DB maxsus taʼlim muassasalari talabalariga — 15%;
  • oilaviy (ikki yoki undan ortiq kishi — eri va rafiqasi, eri yoki rafiqasi va 18 yoshgacha boʻlgan farzandlari, otasi yoki 18 yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan ona) (nikoh guvohnomasi va qarindoshlikni belgilovchi hujjatlar nusxasi taqdim etilgan holda) — 15%;
  • kollektiv (hamkasblarga) (4 kishidan ortiq — yoʻriqnoma asosida) — 15%;
  • “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdlarida barcha toifadagi yoʻlovchilarga — 10%.

Maʼlumot uchun, imtiyozli boʻlgan chiptalarni faqat temiryoʻl kassalarida xarid qilish mumkin. Elektron chiptalarda belgilangan chegirmalar rasmiylashtirilmaydi.

Avvalroq Spot tadbirkorlarga temir yoʻl vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar yana 4 yilga uzaytirilganligi haqida yozgan edi.