Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari hududlarning ishbilarmonlik faoliyatini tahlil qilishdi.

Monitoring natijalari shuni koʻrsatdiki, joriy yilning 1-yanvaridan 31-iyuligacha boʻlgan davrda respublika soliq tushumlari hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 31,9% ga oshgan.

Tahlil qilingan davr uchun bojxona toʻlovlari boʻyicha tushumlar ham 49,4% ga koʻpaygan. Daromadning eng katta oʻsishi Jizzax (5,5 barobar), Sirdaryo (2,8 barobar), Xorazm (2,1 barobar), Fargʻona (89,6 foiz), Samarqand (85 foiz) viloyatlarida, Toshkent shahri (38,2%) va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (37,9%) kuzatilgan.

Davlat bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, yil boshidan buyon tovarlar eksportining hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 39,3% ga oshgan. Tovarlar eksporti hajmining oʻsishi koʻproq Andijon (72,8%), Sirdaryo (70,9%), Buxoro (70,8%), Jizzax (67,8%), Toshkent (61,2%) viloyatlari, Toshkent shahri (43%) va Qoraqalpogʻiston Respublikasiga (30,4%) toʻgʻri keladi.

Bu davrda 59 ming 247ta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilib, ularning eng koʻpi Qashqadaryo (6 848), Samarqand (6 116), Fargʻona (5 235), Toshkent (5 018) viloyatlari va Toshkent (10 221) shahrida roʻyxatga olingan.