O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vitse-prezidenti Shiksin Chen o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan loyihalarning hozirgi holati, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

OTB O‘zbekistonda infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish jarayoniga moliyalashtirishning yangi vositalarini joriy etishga va xususiy investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qattiq chiqindilarni boshqarish hamda uy-joy va kommunal xizmatlar kabi boshqa ustuvor sohalarga qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida davlat-xususiy hamkorlik mexanizmlarini joriy etishning muvaffaqiyatli tajribasini yoyish yuzasidan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.