Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi togʻ-kon ishlari uchun toʻrtta yangi hududni onlayn auksionga qoʻydi.

Toʻrtta lot ham Navoiy viloyatining Nurota tumanida joylashgan boʻlib, ular oltin qazib olish uchun ishlatilishi mumkin.

5 gektarlik eng katta uchastka Sarmich va Joʻm qishloqlari oʻrtasida joylashgan. Uning boshlangʻich narxi — 47,25 mln soʻm. Arizalar 30-oktyabrgacha qabul qilinadi, savdo 1-noyabr kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Qolgan uchta uchastkaning auksion savdosi 28-oktyabr kuni boʻlib oʻtadi. Hujjatlar 26-oktyabrgacha qabul qilinadi.

  • Soykechar qishlogʻining shimoli-gʻarbidagi oltin konining boshlangʻich narxi 37,8 mln soʻm. Maydoni — 4 gektar.
  • Sop qishlogʻining janubi-gʻarbiy qismidagi hudud uchun 28,35 mln soʻmlik boshlangʻich narx soʻralmoqda. U 3 gektar maydonda joylashgan.
  • Soykecharning shimoli-gʻarbiy qismidagi yana bir oltinli maydon 2 gektarni egallaydi. Boshlangʻich narx 18,9 mln soʻmni tashkil etadi.

Auksion gʻoliblari ushbu hududlardan foydalanish huquqini va tegishli litsenziyani 3 yil muddatga oladilar. Savdolarda qatnashish uchun auksionga onlayn ariza berish va uchastkaning baholangan qiymatini 5% miqdorida zakalat toʻlash talab qilinadi.