AQShda yashashni istovchi turli millat vakillari uchun 2023-yilgi viza dasturi (Diversity Visa Program) boshlanmoqda.

AQSh Davlat departamenti axborotiga koʻra, dasturda qatnashish uchun arizalar 2021-yil 6-oktyabr Vashington vaqti bilan soat 12:00 (Toshkent vaqti bilan soat 21:00) dan boshlab qabul qilinadi.

Roʻyxatdan oʻtish dvprogram.state.gov saytida, 9-noyabr Toshkent vaqti bilan soat 21:00 gacha davom etadi. Bu vaqt oraligʻida bittadan koʻp ariza yuborgan talabgorlarning arizalari inobatga olinmaydi.

Tashkilotchilar ariza topshirish uchun soʻnggi haftagacha kutmaslikni tavsiya qiladi: muhlat yakuniga yaqinlashgani sari talabgorlar soni koʻpayib borishi portalda texnik nosozliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bu gal ham dastur orqali 55 ming kishiga AQShda yashash huquqi taqdim etilishi koʻzda tutilgan. Dastur gʻoliblari kompyuter yordamida tasodifiy tanlanadi. Natijalar 2022-yil 8-may kuni eʼlon qilinadi.

Avvalroq Spot Oʻzbekistondagi AQSh elchixonasi barcha turdagi vizalarni taqdim etishni qayta tiklaganligi haqida yozgan edi.