Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “UzAssets investitsiya kompaniyasi” “Urganch sharob” AJ ustav kapitalidagi 53,94 foiz aksiyalar paketini raqobatga asoslangan sotuv jarayoni orqali sotish rejasini e’lon qiladi.

Mazkur Bitim doirasida, xalqaro miqyosda tan olingan konsalting kompaniyalaridan kelib tushgan eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali Urganch sharobni xususiylashtirish bo’yicha maslahatchi sifatida KPMG kompaniyasi tanlab olingan.

Kompaniya to`g`risida qisqacha ma’lumot:

  • “Urganch sharob” aksiyadorlik jamiyati Xorazm viloyatining ma’muriy markazi — Urganch shahrida joylashgan.
  • Korxonaning umumiy yer maydoni 6,58 gektarni tashkil etadi, “Parkent” va “Chalish” vino punktlarini o’z ichiga oladi. Shuningdek, yuqori sifatli vino ishlab chiqarish uchun 149,3 gektar uzumzorga ega.
  • Jamiyat tomonidan 52 turdagi tayyor aroq, 14 turdagi tayyor vino va ikki turdagi konyak mahsulotlari ishlab chiqariladi. 2020-yilda ishlab chiqarishning umumiy hajmi 274 ming dal tashkil etgan.
  • Kompaniya xom ashyoning qariyb 35% ni o’z ishlab chiqarishidan oladi, qolgan qismi yetkazib beruvchilardan sotib olinadi.
  • Toshkent shahrida o’tkazilgan “Vinochilik san’ati 2018” xalqaro ko’rik tanlovining oltin medalini olgan “Qora-Ko'z” markali yarim shirin vino mahsuloti va 2019-yili Moskva shahrida o’tkazilgan “Eng yaxshi mahsulot 2019” xalqaro ko’rik tanlovida “oltin” medalga sazovor bo’lgan “Korona” konyagi alohida nom qozongan.
  • Kompaniya haqida ko’proq ma’lumotlarni jamiyatning quyidagi web-saytidan olishingiz mumkin. www.urganchsharob.uz

Bitimni amalga oshirish jarayoni:

Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo’lgan takliflarni taqdim etishning raqobatga asoslangan jarayoni sifatida tashkil etilgan. Jarayon manfaatdor talabgorlardan takliflarni qabul qilish va manfaatdor ishtirokchilarning bir yoki bir nechtasi bilan keyingi muzokaralardan iborat bo’ladi.

Ishtirokchilarga ingliz, rus yoki o‘zbek tillaridagi xat shaklida o’z qiziqishini bildirishi (arizachining ixtiyoriga ko‘ra, ammo rus yoki o‘zbek tillarida tayyorlangan xat ingliz tilidagi xat bilan yuborilishi lozim) va 2021-yil 6-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha quyidagi tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda yuborish so’raladi:

  • Bitimni, shuningdek operatsion faoliyatni o’z va/yoki qarz mablag’lari hisobidan moliyalashtirish imkoniyati;
  • muassislar va benefitsiarlarga nisbatan jinoiy ish qo’zg’atilmaganligi va tergovlarning mavjud emasligi, Xaridorning mansabdor shaxslarining ismlari soxta tadbirkorlar va bankrotlarning xalqaro ro’yxatlariga, shuningdek, O’zbekiston Respublikasining shu kabi ro’yxatlariga kiritilmagan bo`lishi;
  • “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O’zbekiston Respublikasining 660-II-sonli Qonuniga (2019-yil 15-yanvardagi tahririda) rioya qilinishi.

Arizalar va sanab o’tilgan hujjatlarning taqdim etilishi Ishtirokchiga Oshkor etmaslik to’g’risidagi bitimni imzolaganidan so’ng, virtual ma’lumotlar xonasiga kirish hamda KPMG tomonidan tayyorlangan ma’lumotlarni batafsil o’rganish imkoniyatini beradi. Bunda majburiy takliflarni topshirishning oxirgi muddati maslahatchi tomonidan keyingi bosqichga o’tgan jarayon ishtirokchilariga yetkaziladi.

Arizalar berish jarayoni barcha Ishtirokchilar uchun ochiq.

UzAssets jalb qilingan Maslahatchi bilan birgalikda Kompaniyani sotish jarayonini shaffof, professional va muvaffaqiyatli tashkil etish uchun barcha zarur choralarni ko’radi.

Qabul qilingan takliflar asosida UzAssets ikki hafta ichida muzokaralarga qabul qilingan investorlar ro’yxatini aniqlaydi, ular tanlov natijalari to’g’risida shaxsan xabardor qilinadi.

Ushbu bosqichda Ishtirokchilarga oldi-sotdi shartnomasi loyihasi (Shartnoma) taqdim etiladi va Bitimni amalga oshirish shartlari muhokama qilinadi.

Muzokaralar davomida narx taklifi va Shartnoma bandlari bo’yicha kelishilgan shartlarining eng yaxshi kombinatsiyasini taklif qilgan ishtirokchi g’olib deb e’lon qilinadi.

Sotuvchi g’olibni Qimmatli qog’ozlar to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Bitimni tuzishga taklif qiladi.

Mavzuga doir:

  1. “Mastona” vino zavodini xususiylashtirish boshlandi. Zavodning ishlab chiqarish quvvati 500 ming dekalitr aroq va 200 ming dekalitr vinoni tashkil etadi.
  2. “Xovrenko nomidagi Samarqand vino kombinati” ustav fondidagi 71,2 foiz ulush sotuvga qo’yildi. Xususiylashtirish jarayoni ikki bosqichda — ishtirokchilarni malakaviy saralash va Tijorat va moliyaviy takliflarni ko‘rib chiqish va Bitimni tuzish asosida amalga oshiriladi.
  3. “Nukus vinozavodi” xususiylashtiriladi. Kompaniya ustav kapitalidagi 51 foiz davlat ulushi 2 bosqichda raqobatga asoslangan holda sotiladi.
  4. “Sirdaryo vino” zavodi xususiylashtiriladi. Kompaniya ustav kapitalidagi 51 foiz davlat ulushi raqobatga asoslangan holda sotiladi.
  5. “Konvin” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz davlat ulushi sotuvga qo’yildi. Korxonada uzumni soatiga 30 tonna yoki yiliga 2500 tonna qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan uzumni dastlabki ishlov berish sexi, shuningdek, quvvati yiliga 8,0 ming dekalitr boʻlgan konyak spirtini distillash sexi mavjud.
  6. Toshkent viloyatidagi yana bir yirik zavod savdoga chiqarildi. Bu aroq, likyor- aroq va vino mahsulotlari ishlab chiqarishga mo’ljallangan “Qibray Sharob” zavodi.