Hukumat qaroriga koʻra, quyidagi xizmatlar YAIDXP orqali elektron shaklda koʻrsatilishi belgilab qoʻyildi:

  • Oʻzbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
  • chet davlatda Oʻzbekiston fuqaroligini tasdiqlash boʻyicha tegishli hujjatlar va maʼlumotnomalar olish;
  • sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi maʼlumotlar olish;
  • avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish;
  • jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarida saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.

Shuningdek, haydovchining yoʻl-patrul xizmati inspektoriga taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlari yonida boʻlmagan taqdirda ular maxsus planshet qurilmasi yordamida identifikatsiya ID-kartasi orqali tekshiriladi.

Bunda, identifikatsiya ID-kartaga ega fuqarolarga tegishli transport vositasi haydovchisidan quyidagilarni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi:

  • yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi;
  • transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazganlik toʻgʻrisidagi, transportga egalik qilish, egasi yoʻqligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • transport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi.

Maʼlum boʻlishicha, 2022-yil 1-fevralgacha sugʻurta shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yagona axborot tizimiga toʻliq kiritiladi.