Apple kecha katta taqdimot marosimini oʻtkazdi, unda uchinchi avlod AirPods, yangi protsessorlar va yangilangan MacBook Pro-ni namoyish etildi.

AirPods

Uchinchi avlod AirPods namlik va ter taʼsiridan himoyalangan. Quloqchinlarning quvvat hajmi oshirildi. Ishlab chiqaruvchilarning taʼkidlashicha, akkumulyator quvvati olti soat toʻxtovsiz musiqa eshitishga yetadi. Keys bilan esa bu koʻrsatkich 30 soatgacha uzayadi. Bundan tashqari, AirPods 3 MagSafe simsiz quvvatlash funksiyasini qoʻllab-quvatlaydi.

Quloqchinlar narxi $179 boʻlib, kelasi haftadan yetkazib berish boshlanishi kutilmoqda.

M1 Pro va M1 Max protsessorlari

M1 Pro 33,7 mlrd tranzistor va soniyasiga 200 gigabayt tezlikka ega 32 gigabaytli xotira bilan jihozlangan. M1 Max undan koʻra kuchliroq. U 57 mlrd tranzistor, tezligi soniyasiga 400 gigabayt boʻlgan 64 gigabaytli xotiraga ega. Qayd etilishicha, M1 Maxʼning xususiyatlari grafika bilan ishlaganda yanada sezilarli boʻladi.

MacBook Pro


Taqdimotda, shuningdek, yangilangan MacBook Pro ham namoyish qilindi. MacBook Pro 14,2 va 16,2 dyuymli displeylarda sotuvga chiqadi.

Agar oʻzgarishlarga qaraydigan boʻlsak, TouchBar oʻrniga qator klavishlar joylashtirilgan, noutbuk MagSafe magnit quvvatlovchisi bilan jihozlangan. Shuningdek, avvalgi dizaynda olib tashlangan HDMI-tirqish yana qaytgan. Noutbuklarning qalinligi 17 va 15,5 millimetrni tashkil etadi.

MacBook Pro mini-LED displey bilan jihozlangan, unda bir marta quvvatlash orqali 17 soat toʻxtovsiz film tomosha qilish mumkin boʻladi. Noutbuk 30 daqiqa ichida 50% gacha quvvatlanadi.

14 dyuymli MacBook Pro — $2000, 16 dyuymli esa $2500dan sotuvga chiqadi.