Buxoroning tarixiy markazida joylashgan Ismoil Somoniy maqbarasining 3D-maketini yaratish bo‘yicha tajriba loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vazirining o‘rinbosari Abdulaziz Aqqulov hamda Janubiy Koreyaning “New Layer So. Ltd, LX Korea Land and Geospatial Informatix Corporation” vakillari ishtirok etdi.

Janubiy Koreya Respublikasining axborot texnologiyalarini rivojlantirish milliy agentligining 150 ming AQSH dollari qiymatidagi grant loyihasi asosida “Digital Twin” (raqamli egizak), 3D-texnologiyalari va geografik maʼlumotlarni “Google maps” tizimiga biriktirgan holda Ismoil Somoniy maqbarasining nusxasi yaratiladi.

Maʼlumot uchun: Shaharsozlik, madaniy meros va arxeologiya sohasida keng qo‘llanadigan “Digital Twin” (raqamli egizak) texnologiyasi madaniy meros obyektlari holatini, unga bevosita taʼsir ko‘rsatmagan holda modellashtirish, monitoring qilish, tashxislash va prognozlashtirish. 3D-modeli yordamida obyekt bo‘ylab onlayn rejimda harakatlanish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Ismoil Somoniy maqbarasining 3D-maketini yaratish borasidagi tajriba loyihasini yakunlash bo‘yicha hamkorlikdagi ishlar rejasini imzolashdi.

Asosiy loyihani amalga oshirish — Buxoroning tarixiy qismi 3D nusxasini yaratish hamda onlayn-monitoring tizimini o‘rnatish orqali “Uzbekistan Digital Heritage Planform” platformasini ishga tushirish uchun madaniy meros obyektlarida Koreya Respublikasining Yer, infratuzilma va transport vazirligi grantiga arizalar tayyorlanadi va topshiriladi. Loyihaning umumiy qiymati 6 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.

Mazkur loyiha doirasida Madaniy meros agentligi huzurida barcha zarur texnika va uskunalar bilan to‘liq jihozlangan, alohida O‘zbekistondagi tarixiy va arxeologik obyektlarni raqamlashtirish xizmati tashkil etiladi. Mazkur xizmat kelgusida mustaqil ravishda tarixiy-madaniy meros, arxeologiya obyektlarini raqamlashtirishni amalga oshiradi hamda ularni raqamli platformaga kiritadi.

Mazkur platformaning muhim xususiyatlaridan biri shundaki, oddiy fuqarolar onlayn-turizm bilan tanishtirish va turli tadqiqotlar o‘tkazish uchun olimlar kabi obyektlarning yuqori aniqlikdagi raqamli 3D nusxasidan (aniqlik har bir santimetrgacha) foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.