“Sugʻurta bozorini raqamlashtirish va hayot sugʻurtasi sohasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident qarori (PQ-5265-son, 23.10.2021-y.) qabul qilindi.

Bu haqda telegramdagi “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi.

Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-iyuldan sugʻurtaning barcha turlarini (klasslarini) elektron shaklda amalga oshirishga ruxsat beriladi.

2023-yil 1-yanvardan majburiy sugʻurtaning barcha turlari boʻyicha sugʻurta polislarini qogʻoz blankalarda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.

2022-yil 1-yanvardan 2025-yil 1-yanvargacha hayot sugʻurtasi sohasidagi sugʻurta tashkilotlarining mazkur faoliyati qismi uchun hisoblanadigan foyda soligʻi boʻyicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

2022-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-yanvargacha ish beruvchi tomonidan oʻz xodimlari uchun baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sugʻurta qilish va tibbiy sugʻurta turlari boʻyicha tuzilgan sugʻurta shartnomalari asosida Oʻzbekistonda sugʻurta faoliyatini amalga oshirishga litsenziyasi boʻlgan yuridik shaxslarga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar jismoniy shaxslarning jami daromadi sifatida qaralmaydi.

2022-yil 1-iyungacha transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha yagona axborot tizimi negizida barcha sugʻurta polislarini roʻyxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etiladi.

Sugʻurta shartnomalarini Yagona axborot tizimi orqali rasmiylashtirish sugʻurta tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.

2022-yil 1-iyuldan inflyatsiyaga bogʻlangan davlat qimmatli qogʻozlari chiqariladi.