YouTube videotasvirlar ostidagi dizlayk hisoblagichni berkita boshlaydi. Videohosting blogida maʼlum qilinishicha, endi salbiy baholar sonini faqat rolik egalari koʻra olishadi.

Tomoshabinlar oʻzlariga yoqmagan videorolikka dizlayk tugmasini avvalgidek bosishlari mumkin boʻladi — tugmaning oʻzi joyida turadi. YouTube shu yoʻl bilan blogerlar va boshqa video mualliflarni Internetda taʼqib qilishdan himoya qilmoqchi.

“YouTubeʼda dizlayklar hisoblagichi maxfiy boʻladi, lekin dizlayk tugmasining oʻzi joyida qoladi”, — deyiladi platforma matbuot xizmati xabarida.

Kompaniyadagilarning fikricha, tugmaning boʻlmasligi ayrim videolarni ommaviy ravishda minuslab tashlashga ragʻbatni yoʻqotadi. Yangilik endi ish boshlayotgan va “adolatsiz ravishda” hujumlarga duchor boʻlayotgan blogerlarni himoyalash uchun qilinmoqda.

Avvalroq platforma oʻtkazgan tajribada ayon boʻlishicha, dizlayklar hisoblagichi boʻlmasligi salbiy baholar sonini keskin kamaytirar ekan. Koʻpchilik foydalanuvchilar videoni koʻrish yo koʻrmaslik masalasida dizlayklar soniga eʼtibor berishiga qaramasdan, tugmani yonidagi sonlarni olib tashlashga qaror qilingan.

Avvalroq YouTube videolar ostidagi izohlar borasida yangi funksiya qoʻshgan edi.