Microsoft bosh direktori Satya Nadella soliq qonunchiligidagi oʻzgarishlar tufayli kompaniyadagi aksiyalarining yarmini $285 mln ga sotdi.

Nadella noyabr oyi oxirida ikki kun ichida oʻzining 1,7 million aksiyasidan 838 584 tasini sotgan. Bu “shaxsiy moliyaviy rejalashtirish va diversifikatsiya” bilan bogʻliq, deb tushuntirdi Microsoft vakili.

“Uning aktivlari Microsoft direktorlar kengashi talablaridan sezilarli darajada oshadi”, — dedi kompaniya bayonotida.

2021-yilda Nadella ulushi 50% dan koʻproqqa oshdi. U 2014-yilda bosh direktor lavozimini egallaganidan beri kompaniya kapitallashuvi deyarli 780% ga oʻsdi.

Aksiyalarning sotuviga Vashington shtati 2022 yildan boshlab yiliga $250 000 dan ortiq kapitalning uzoq muddatli oʻsishi uchun 7% lik soliq joriy etishni rejalashtirayotgani sabab boʻlishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Avvalroq Spot Ilon Mask soliqlarni toʻlash uchun “Tesla” aksiyalarini bir qismini sotmoqchi ekanligi haqida yozgan edi.